Nisbat shakli – bajaruvchining harakat va holat jarayoniga qay darajada ishtirok etishini ko‘rsatuvchi fe’l shakli.
Fe’llarda harakat va bajaruvchi munosabatining besh ko‘rinishi ajratiladi:
1) harakat bajaruvchisi aniq:Mohiniso tuflisini kiydi;
2) bajaruvchi harakatni o‘z ustida amalga oshiryapti:Mohiniso kiyindi;
3) harakatning bajaruvchisi noma’lum:Tufli kiyildi;
4) harakat jarayonida kimdir orttirilayapti:Mohiniso tuflini kiydirdi;
5) bajaruvchi birdan ortiq, birgalikdagi harakat:Tuflilarini kiyishdi.
Nisbat shaklife’lning tasniflovchi lug‘aviy shakli hisoblanadi. Nisbatini yo‘qotgan fe’l fe’ldan chiqib ketadi: ko‘ra, qaraganda, qaramay, osha, o‘ta, eshitishimcha, aytishlaricha, demak, qarab. Nisbat shaklife’lga o‘zak yoki negizdan keyin, ya’ni boshqa shakl yasovchilardan oldin qo‘shiladi. Nisbat shaklining besh turi ajratiladi:
Aniq nisbat. Bajaruvchisi aniq bo‘lgan harakat yoki holatni bildirgan fe’l shakli. Maxsus qo‘shimchaga ega emas, ya’ni nol shaklli: bildi, ko‘rdi, so‘radi, aytmadi, qaytmadi.
O‘zlik nisbati. Bajaruvchining o‘z ustida amalga oshiradigan harakat yoki holatni ifodalaydigan fe’l shakli. Maxsus shakli: -(i)n, -(i)l – tashlan, ko‘rin, yuvin, taran, so‘kin, suyan, so‘zlan, yutin, kiyin, artin, kavshan, o‘pkalan, tanil, ayril, qayril, bo‘g‘il, tug‘il, qoril, yig‘il, otil, qiynal, teshil, tikil.
Ayrim manbalarda o‘zlikning -(i)sh shakli ham qayd etiladi: joylashdi, kerishdi, qorishdi. (Shoabdurahmonov Sh., Asqarova M., Hojiyev A. va boshq. Hozirgi o‘zbek adabiy tili: pedagogika institutlari filologiya fakulteti studentlari uchun darslik. – T.: O‘qituvchi, 1980.– B. 329)
O‘zlik nisbat shakli, asosan o‘timli, qisman o‘timsiz fe’llardan yasaladi: kiyin, izlan, shoshil. Hatto o‘timli fe’llarning barchasidan o‘zlik nisbat yasalmaydi: yayra, yashna, qichqir, uxla, bor, kel, o‘qi, hayda, ek, min, kes, sug‘or, hidla. Fe’l yasovchi -lan shakli bilan yasalgan jonlanmoq, odatlanmoq, harakatlanmoq, zavqlanmoq, xezlanmoq fe’llari aniq nisbat shaklida bo‘ladi.
Majhul nisbat. Bajaruvchisi noma’lum bo‘lgan harakat yoki holatni ifodalovchi nisbat shaklimaxsus shakli -(i)n, -(i)l:tozalandi, takrorlandi, egarlandi, tarjima qilindi, o‘qib bo‘lindi, olindi; o‘qildi, haydaldi, o‘raldi, yasaldi, archildi, yugurtirildi, keltirildi, to‘xtatildi, yurildi, tushildi, tushirildi, topshirildi. Bunda harakatni kim bajarishi emas, bajarilishi muhim bo‘ladi: yer haydaldi. Pol yuvildi. Xona tozalandi.
Birgalik nisbat. Birdan ortiq bajaruvchi tomonidan birgalikda bajarilgan harakat yoki holatni ifodalaydigan nisbat shaklimaxsus ko‘rsatkichi -(i)sh: borishdi, kelishdi, o‘qishdi, terishdi. III shaxs ko‘plik son shaklidagi aniq nisbat fe’liga III shaxs birlik son shaklidagi birgalik nisbati ma’nodosh bo‘ladi: o‘qidilar – o‘qishdikabi.
Ma’nosi:
– birga bajarish: Mehmonlar kelishdi;
– ko‘maklashish: U ukasiga paxta terishdi;
– umuman ko‘plik: Talabalar imtihonga tayyorlanishdi;
–galma-gal bajarish:Ikkovlari birga arra tortishdi.
Ba’zan birgalik nisbati qo‘shimchasi fe’l yasovchi -la qo‘shimchasi bilan yaxlitlanib, bir butunlik hosil qiladi: go‘zallashmoq, ommalashmoq, hazillashmoq, o‘rtoqlashmoq, tezlashmoq kabi. Bunday fe’l aniq nisbatda deyiladi.
Orttirma nisbat. Bajaruvchining ta’siri bilan boshqa shaxs yoki narsa tomonidan bajarilgan harakat yoki holatni bildiruvchi nisbat shakli quyidagi shakllar bilan yasaladi:
1) -ar –faqat 2 ta fe’lga qo‘shiladi: chiqar, qaytar.
2) -giz/kiz/qiz/g‘iz/gaz/kaz/qaz (-giz/g‘izjarangli undosh bilan tugagan fe’lga qo‘shiladi: yurgiz, kirgiz, turg‘iz, ko‘rgaz; -kiz/qiz/kaz/qaz jarangsiz undosh bilan tugagan fe’lga qo‘shiladi: ketkiz, o‘tkaz, yutqiz, o‘tqaz)
3) -dir/tir (-dir unli va jarangli undosh bilan tugagan fe’l o‘zagiga qo‘shiladi: yedir, yoydir, buzdir, kuldir, qoldir, to‘ldir, oldir; -tir –jarangsiz va r, n, y, l kabi jarangli undosh bilan tugagan fe’l o‘zagiga qo‘shiladi: toptir, ayttir, uqtir, ilintir, oqartir, ko‘paytir, kuchaytir, keltir)
4) -ir –t, ch, sh tovushi bilan tugagan fe’l o‘zagiga: botir, qotir, ichir, qochir, shoshir, oshir, tushir, pishir.
5) -iz –q, m tovushi bilan tugagan ba’zi fe’lga qo‘shiladi: oqiz, tomiz, emiz.
6) -t/it –unli bilan tugagan ikki va undan ortiq bo‘g‘inli so‘zga qo‘shiladi: ishlat, tugat, boshlat, o‘qit, yurit, kirit.
Bir fe’lning o‘ziga orttirma nisbatning birdan ortiq qo‘shimchasi qo‘shilishi ham mumkin. Bu bajaruvchi va bajartiruvchi soni ortishi bilan belgilanadi: yozdir –yozdirtir, o‘qit – o‘qittir.
Orttirma nisbat qo‘shimchasi bir-biriga ma’nodosh bo‘lib kelishi mumkin: bitir – bitkaz, yedir – yegiz, kirgiz –kirit, ko‘payt – ko‘paytir, to‘ldir – to‘lg‘iz.
Orttirma nisbat qo‘shimchasi o‘zlik va birgalik nisbat qo‘shimchasidan keyin qo‘shilishi ham mumkin: yuvintir, kiyintir.
Orttirma nisbat qo‘shimchasi o‘timsiz fe’lni o‘timliga aylantiradi: kel –keltir, to‘l –to‘ldir, uxla –uxlat.
Uslubiy belgilari. O‘zlik va majhul nisbat qo‘shimchasi shakldosh: yuvildi (majhul), tug‘ildi (aniq), yopindi (o‘zlik), takrorlandi (majhul). Ularni farqlash uchun kim tomonidan, nima tomonidan so‘rog‘idan biri berib ko‘riladi. Majhul nisbatdagi fe’l bu so‘roqni olgan so‘zga bog‘lanadi: yuvildi(kim tomonidan), poymol qilindi(nima tomonidan).
Ayrim fe’llarning o‘zlik yoki majhul nisbatda ekanligi matndan aniqlashadi: Mirkomil xayolga berildi – Mirkomilga mukofot berildi. Salimjon imtihonga tayyorlandi – Mehmonlar uchun joy tayyorlandi.
Fe’l yasovchi -lash murakkab shakli bilan yasalgan aniq nisbatdagi fe’llar shaklan birgalik nisbatga o‘xshaydi: go‘zallashmoq, ommalashmoq, hazillashmoq, o‘rtoqlashmoq, tezlashmoq kabi.
Fe’lga birdan ortiq nisbat shakli qo‘shilganda, uning qaysi nisbatda ekanligi oxirgi qo‘shilgan nisbat shakliga ko‘ra belgilanadi: to‘xta+t+il+di, kiy+in+tir+il+di, yugur+tir+il+di (majhul nisbat); art+in+ish+di, kel+tir+ish+di, o‘qi+t+tir+ish+di(birgalik nisbati).
Fe’lda qaysi nisbat qo‘shimchalari borligi so‘ralganda barcha qo‘shimcha e’tiborga olinadi: to‘xta+t+il+di (orttirma, majhul), art+in+ish+di (majhul, birgalik).
Fe’ldagi nisbat qo‘shimchalari birga kelgan vaqtda quyidagi tartibda joylashadi: Fe’l asos + o‘zlik nisbati + orttirma nisbati + majhul nisbat + birgalik nisbati: kiy+in+tir+il+ish+di.