Lug‘atlar

So‘z tarkibi: {sodda}
So‘z bo‘g‘inlari: sod-da
Izoh(lar)i:
sodda sf

1. Tuzilishi, tarkibi jihatidan murakkab bo‘lmagan, oddiy. Sodda mexanizm. Kimyoviy sodda moddalar.

2. Yechilishi oson, yengil, jo‘n. Sodda masala. Teshaboyning hisobi sodda: birga — o‘n! M. Ismoiliy, Farg‘ona tong otguncha

3. Tushunilishi oson, ravon. Maqola ommabop, ravon va sodda tilda yozilgan edi. F. Musajonov, Hikmat
Marshal aslida so‘z qidirmasdan, sodda va aniq iboralar bilan gapirsa-da, bu so‘zlarni ohista talaffuz etardi. Gazetadan

4. Ortiqcha bezagi yo‘q, juda ham oddiy. Sodda uy. Soddagina chodirda yolg‘iz yashagan Navoiy dilgir, sertashvish edi. Oybek, Navoiy
[Kumush] shu soddagina yasanishdan so‘ng ikkinchi tokchada tirog‘lik turgan ko‘zgu yoniga bordi. A. Qodiriy, O‘tgan kunlar

5. Ortiqcha takalluf yoki quvlik-shumlikni bilmaydigan; oddiy, kamtar, soddadil. Sodda odam. Sherali bu sodda, samimiy qizning bolalarcha xatti-harakatini ko‘rib, taajjublandi. S. Karomatov, Oltin qum
Sodda xotin erining kuyib-pishib aytgan bu gaplariga astoydil ishondi. Sirni birovga aytmaslikka va’da berdi. S. Ahmad, Saylanma
Noyib kuldi: — Soddasan, Akbarali! Podsholik hamma vaqt yurtning obro‘li odamlarini himoya qiladi. Obro‘ davlat bilan topiladi, muni bilasan. Cho‘lpon, Kecha va kunduz

6. Go‘l, laqma. Sodda siri — tilida, pismiq saqlar dilida. Maqol
Men sodda shuning gapiga ishonib o‘tiribman. A. Qahhor, Qo‘shchinor chiroqlari

7. Soddalarcha qilingan, yuzaki. Elmurod Tojiboyning sodda va beg‘ubor mulohazasidan zavqlanib kuldi. P. Tursun, O‘qituvchi

Sinonim(lar)i: ibtidoiy [a], oddiy [a], jo‘n
Omonimlari: mavjud emas.
Paronimi: mavjud emas.
Qomus: mavjud emas.

1. sodda dil: ishonuvchan, jo‘n

2. sodda dil ekanligi: -

3. sodda dillik bilan: jo‘nlik, ishonuvchanlik oqibatida

4. sodda ko‘ngil ekanligi: -

1. Jo‘n – sodda – murakkab
Ma’nosiga ko‘ra
(tarkib tuzilishining darajasiga ko‘ra)

Milliy bo‘yoqdor so‘z: mavjud emas.