1.  O‘lchami, hajmi, katta-kichikligi, soni va shu kabilar jihatidan o‘xshash, bir xil, baravar.
                
                                        Teng masofalar. Uzunligi teng yog‘ochlar. Teng yeganni tangri sevibdi.
                        Maqol
                        
                        Biz qachon o‘qiymiz? deb Qamishkapaning teng yarmi bo‘lgan ayollar talab qilsa-yu, ularning talabini qondirish birinchi galda sovetning vazifasi emasmi?
                        P. Tursun, O‘qituvchi
                        
                        Ikki tomoni teng bo‘lgan uchburchak teng yonli uchburchak deyiladi.
                        Geometriya
                        
            
            
                2.  Yoshi jihatidan baravar, tengdosh, tengqur.
                Teng bolalar.
                    ▬
                                        O‘ktamboy ham o‘z tenglari ichida durkun, orqasida olti pud yuk ko‘tarish bilan maqtanadirgan yigit.
                        A. Qodiriy, Obid ketmon
                        
            
            
                3.  Ahamiyati, tutgan o‘rni, mavqeyi, nufuzi, haq-huquqi va shu kabilar jihatidan o‘xshash, bir xil, baravar.
                
                                        Bu yerda u [Elmurod] birinchi marta o‘zini boshqalar bilan teng odam his qilar edi.
                        P. Tursun, O‘qituvchi
                        
                        Uning [Umri] uchun olamda o‘ziga teng odam yo‘q, u bilgan odamlar yo o‘zidan past, yo o‘zidan yuqori.
                        A. Qahhor, Xotinlar
                        
                        To‘lib yetilgan qiz endi uning [yigitning[ ko‘z oldida tengi topilmas go‘zal bo‘lib qoldi.
                        P. Tursun, O‘qituvchi
                        
                        [Xumorxon:[ Burungi vaqtda erlarga cho‘ri bo‘lgan xotinlar hozir erlar bilan teng.
                        A. Qahhor, Og‘riq tishlar
                        
            
            
                4.  Bir-biriga mos, muvofiq, munosib.
                
                                        Tengini topsang, tekin ber.
                        Maqol
                        
                        Teng-tengi bilan, tezak qopi bilan.
                        Maqol
                        
                        Chin do‘st tug‘ishganing bilan teng.
                        Maqol
                        
                        Men hech sening tenging emasman. Omonim bor — seni demasman.
                        H. Olimjon
                        
                        Akasi munosib, axloqli, odobli, or-nomusli yigit bo‘lsa, bu qiz ham uning tengi, munosibi edi.
                        Mushtum
                        
            
            
                5. rvsh. sh. Bir-biridan qolishmay yoki o‘z-may, ayni bir paytda, bir vaqtning o‘zida; baravar.
                Ular teng tug‘ilgan. Bu ko‘chatlar teng ekilgan. Teng ishlamoq.
                    ▬
                                        Tohir-Zuhra holidan bir kalima eshiting: O‘qib, o‘ynab bir bog‘da ulg‘ayar edilar teng.
                        S. Abdulla, Tohir va Zuhra
                        
            
            
                6. ko‘m. vzf. zf. (3-shaxs egalik shaklida) Tenglik jihatdan o‘xshatish, qiyos ma’nosini bildiradi; qatori.
                
                                        Bu — qotmadan kelgan, qoracha, leytenant Sultonov tengi yigit edi.
                        O‘. Umarbekov, Yoz yomg‘iri
                        
                        Anvar uz tengi bolalar bilan oz aloqa qilar, ularga kam aralashar edi.
                        A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
                        
                        [Oqiljon] O‘zi yaxshigina, siz tengi kishi edi.
                        Oybek, Tanlangan asarlar
                        
                        Xalq tengi dam olmoq — bu huquqimiz
                        Oybek, Oltin vodiydan shabadalar